Korona nima va men undan qanday himoyalana olaman?

Koronavirus yoki korona – odamlarda tarqalishi va kasallik keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan (oddiy koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan) kichik mikrobdir. Korona grippga oʻxshash alomatlarini keltirib chiqaradi, masalan, quruq yoʻtal, nafas qisishi, isitma va tanadagi ogʻriqlar. Korona koʻproq nafas olish tizimiga taʼsir qiladi. Koʻpgina infeksiyalar xavfli boʻlmasa-da, pnevmoniyani keltirib chiqarishi (ya’ni, oʻpkaning jiddiy zararlanishi) va ogʻir holatlarda oʻlimga olib kelishi mumkin.

Har qanday inson koronani yuqtirib olish ehtimolidan holi emas. Keksalar va boshqa kasalliklarga, masalan, nafas olish yoʻllari kasalliklari, saraton yoki diabetga chalingan insonlarga ogʻirroq taʼsir koʻrsatish xavfi katta.

Koronani yuqtirgan odam boshqalarga, biror yuzaga yoki ovqatga qarab nafas olganda, yoʻtalganda yoki aksirganda chiqadigan tomchilar orqali yuqadi. U tanaga ogʻiz, burun va koʻz orqali kiradi. Tanaga kirib, koʻpayishni boshlaydi va boshqa joylarga tarqaladi. Korona kasallik belgilari paydo boʻlishidan oldin tanada 14 kungacha yashashi mumkin. Shuning uchun odamlar koronani yuqtirgan boʻlishlari va buni bilmasliklari hamda virusni boshqalarga yuqtirib yurayotgan bo’lishi mumkin.

Koronani antibiotiklar yoki uy sharoitida davolaydigan vositalar yordamida oʻldirib boʻlmaydi. Koronani faqat uni yuqtirgan odam bilan aloqa qilmaslik va tez-tez qoʻl yuvish bilan oldini olish mumkin.

Infeksiyani yuqtirishni oldini olish uchun qoʻllaringizni sovun va suv bilan yuving. Hatto qoʻllaringiz kir koʻrinmasa ham shunday qiling. Qo’llaringizni sovun bilan oqayotgan suv ostida 20 soniya davomida eʼtibor bilan yuving, tirnoq ostini tozalab, qoʻlning tirsakkacha bo’lgan qismi va bilagingizni ham qo’shib yuving. Qoʻllaringizni sovun bilan yuvish, ularning yuzasida boʻlishi mumkin boʻlgan viruslarni yoʻq qiladi. Ovqat tayyorlash vaqtida va undan oldin, hojatxonaga kirishdan keyin, kasallarga gʻamxoʻrlik qilishda, ovqat yeyishdan oldin, hayvonlarni ushlash yoki ularning chiqindilarini tozalashdan, yoʻtalgandan, aksa urgandan yoki burunni qoqqandan keyin qoʻllaringizni yuving.

Qoʻllaringizni yuvmasdan koʻzlaringiz, burun va ogʻzingizga tekizmang. Qoʻllar koʻpgina yuzalarga tegishi sababli ularga viruslar tushishi mumkin. Virus tushgandan keyin qoʻllar uni koʻz, burun yoki ogʻzingizga oʻtkazishi mumkin. Virus shu yerdan tanangizga kirib olishi va sizni kasal qilishi mumkin.

Isitma, yoʻtal yoki boshqa respirator kasallik alomatlari boʻlgan odam bilan yaqin aloqada boʻlishdan saqlanish juda muhim. Yoʻtalganda yoki aksriganda, har doim ogʻzingizni va burningizni egilgan tirsagingiz yoki roʻmolcha bilan yoping. Keyin esa ishlatilgan roʻmolchani darhol yoʻq qiling. Jamoaviy joylarda tupurmang.

Oʻzingiz bilan yoʻtalayotgan yoki aksirayogan kishi oʻrtasida kamida 1 metr masofa saqlang. Isitma va yoʻtali bor har qanday kishi bilan yaqin muloqotda boʻlishdan saqlaning.

Isitma va yoʻtali bor yoki nafas olishi qiyin boʻlgan odamga gʻamxoʻrlik qilish kerak boʻlsa, himoya niqobini yoki mato niqobni kiyishni, ayniqsa, qoʻllar gigiyenasiga rioya qilishni unutmang.

Korona yuqishining oldini olish uchun boshqalar bilan jismoniy aloqa qilishdan saqlanish – eng xavfsiz usul hisoblanadi. Korona va boshqa viruslar qoʻl berib koʻrishish va keyinroq shu qoʻllar bilan koʻz, burun va ogʻizga teginishdan yuqishi mumkin. Shuning uchun boshqalar bilan uchrashganda qoʻl berib koʻrishmang, quchoqlashmang yoki oʻpishmang. Buning oʻrniga qoʻlingizni siltab, bosh qimirlatib yoki yengil taʼzim bilan masofadan koʻrishing. Hududingizda korona tarqalgan deb oʻylasangiz, boshqalar bilan yaqin muloqotda boʻlishdan qochish uchun uyda qoling.

Agar oʻzingizni yomon his qila boshlasangiz, sogʻayguningizga qadar bosh ogʻrigʻi va tumov kabi yengil alomatlar boʻlsa ham uyda qoling. Aksa ursangiz, quruq yoʻtal, nafas olish qiyinlashishi va isitma boʻlsa, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qiling, chunki bu respirator kasalliklar yoki boshqa ogʻir holatlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Korona haqidagi soxta fikr va mish-mishlar juda xavfli boʻlishi va hatto odamlarni oʻldirishi mumkin. Masalan, oqartirgich yoki spirtli ichimliklar kabilarni ichish koronaning oldini olish oʻrniga sizga zarar keltiradi. Hatto doʻstlaringiz yoki yaqin qarindoshlaringizdan olgan maʼlumotlaringiz xato va xavfli boʻlishi mumkin. Faqatgina mahalliy sogʻliqni saqlash idoralarining sogʻliqni saqlashga oid aniq tavsiyalariga amal qiling.

Bu xabarni tarqatib, koronaning tarqalishiga qarshi kurashda yordam berishingiz mumkin. Iltimos, doʻstlaringiz va oilangizga uni yuboring, yaxshisi, WhatsApp kabi xabar almashish xizmatlaridan foydalaning.

Ushbu kontent sogʻliqni saqlash sohasidagi bilimlardan boxabar qilish imkonini beradigan global loyiha – Audiopedia tomonidan taqdim etilgan. Batafsil maʼlumotni www.audiopedia.org orqali olish mumkin.